Jurnalist Agneshka Pikulitska yaqinda O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi bayonotida nishonga olindi. (Surat: Agneshka Pikulitska)

O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi bayonotida jurnalist Agneshka Pikulitska LGBTQ mavzusini yoritgani uchun qonuniy javobgarlik bilan tahdid qilindi

Stokgolm, 6-aprel, 2021-yil – O’zbekiston rahbariyati jurnalist Agneshka Pikulitskaning xavfsiz sharoitda ishlashini ta’minlashi va unga nisbatan qonuniy tahdid qilishdan tiyilishi kerak, deya bayonot berdi bugun Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi (CPJ).

28 mart kuni “Al-Jazira” va “Gardian” gazetasining poytaxt Toshkentdagi frilans-muxbiri Agneshka Pikulitska LGBTQ huquqlari faoli Miraziz Bozorovni kasalxonada ziyorat qildi; faol o’sha kuni ertaroq kaltaklanib kasalxonaga yotqizilgan edi, deya so’zlab berdi jurnalistning o’zi CPJ bilan videomuloqotda.

Shu paytda kasalxonada bo’lgan Ichki ishlar vazirligi (IIV) tergovchilari Pikulitskaga baqirib, Bozorovga qilingan hujum haqida gapirmaslikni buyurdi, dedi Pikulicka CPJga. Keyinchalik 28-mart kuni u Tvitterda Bozorov olgan jarohatlar haqida yozgan. Pikulitska o’zining Twitter tarmog’idagi akkauntida tez-tez xabar yozib turadi, u erda jurnalistning 2900 atrofida izdoshi bor.

1-aprel kuni Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati bayonot chiqarib, unda Pikulitskani o’z tvitlarida O’zbekiston haqida “salbiy va noxolis ma’lumotlar”ni tarqatishda va mamlakat ommaviy axborot vositalari to’g’risidagi qonunlarni buzishda aybladi.

Agar vazirlik bayonotida keltirilgan qonunlarni buzganlikda ayblanib, aybdor deb topilsa, Pikulitska “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to’g’risida“gi qonun hamda “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to’g’risida”gi qonunga ko’ra, 24,5 million so’m (2300 dollar) miqdorida jarimaga tortilishi va akkreditatsiyasidan mahrum etilishi mumkin.

“O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi jurnalistlarni qonuniy javobgarlikka tortish bilan tahdid qiladigan bayonotlar berish o’rniga mamlakatda matbuot xavfsiz sharoitda ishlashini ta’minlashga o’z vaqtini sarf qilishi kerak,” dedi Nyu-Yorkda CPJning Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi koordinatori Gulnoza Said. “O’zbekiston rahbariyati Agneshka Pikulitskaga qarshi har qanday ayblovni qo’yishdan bosh tortishi va u olgan tahdid va ta’qiblarni tekshirishi kerak.”

Ichki ishlar vazirligi o’z bayonotida jurnalistni “yuz bermagan voqealar” haqida tvitlar yozishda va mamlakat ommaviy axborot vositalari to’g’risidagi qonunlarni “e’tiborsiz qoldirish”da aybladi. Bayonot oxirida esa vazirlik “bu masalaga keyinroq qaytamiz” deb yozgan.

Pikulitska CPJ bilan suhbatda ushbu bayonotni “mutlaqo nomaqbul” deb topganini aytdi, qonunlarni buzganligini inkor etib, vazirlikdan kechirim talab qildi.

“Bo’lmasa ular meni sudga bersin va men aybsiz ekanligimni isbotlay”, dedi Pikulitska. “Hozirda bu meni jurnalist sifatida obro’sizlantirish uchun qilingan tuhmatning bir ko’rinishidir. Undan maqsad – O’zbekistonda sodir bo’layotgan voqealar hamda inson huquqlari va so’z erkinligi bilan bog’liq vaziyat yomonlashayotgani haqida mening bundan keyin xabar berishimga yo’l qo’ymaslik,” dedi u.

Pikulitska so’nggi paytlarda O’zbekistondagi LGBTQ jamoasiga qarshi zo’ravonlik namoyishlari, shuningdek, ayni jinsga mansub erkaklar orasidagi jinsiy munosabatlarni dekriminallashtirish to’g’risidagi muhokamani taqiqlovchi qonunlarni internetda yoki ommaviy axborot vositalarida yoritib kelmoqda. Hozirgi vaqtda bunday munosabatlar O’zbekistonning jinoyat kodeksiga binoan uch yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.

28-martdan buyon Pikulitska, shuningdek, Bozorov ishi, shu jumladan kasalxonada faolni ko’rishga borgan bir necha kishining IIV xodimlari tomonidan so’roq qilinishi haqida Tvitterda xabar tarqatdi va ish haqida “Gardian” gazetasida maqola chop etdi. U “Gardian” gazetasi uchun butun Markaziy Osiyo bo’ylab yangiliklarni yoritib keladi.

Jurnalist o’zining Bozorov ishiga oid tvitlari trollar hujumlari va tahdidlarga duch kelganini aytdi – masalan, foydalanuvchilardan biri Tvitterda “[Bozorov kabi] mana bu qizga ham dars berish kerak” deb yozgan.

4-aprel kuni jurnalist Tvitterda uyi yaqinida to’xtab turgan ikkita avtomashinaning rasmlari joylashtirib, “bu mening derazamdan ko’rinadigan odatiy manzara” va “men ulardan choy yoki kofe kerakmi deb so’rasam, ular g’oyib bo’ladi”, deb yozdi.

OAV xabarlari, Tashqi ishlar vazirligi bayonoti va Pikulitska so’zlariga ko’ra, shu yil fevral oyida u Tashqi ishlar vazirligidan matbuot akkreditatsiyasini olish evaziga O’zbekiston haqida ijobiy maqolalar yozish talabi bilan to’qnashgan va bosimga uchragan, TIV rasmiysi tomonidan jinsiy ta’qibga uchragan. Bu holat fosh bo’lganidan keyin TIV undan rasman kechirim so’ragan edi. Pikulitska Polsha fuqarosi bo’lib, u xorijiy jurnalistlarga beriladigan akkreditatsiya asosida O’zbekistonda ishlab keladi. TIV uzr so’raganidan keyin jurnalistga akkreditatsiya berilgan.

CPJ izoh so’rab O’zbekiston Ichki ishlar vazirligiga elektron pochta orqali maktub yo’lladi, ammo hozircha hech qanday javob olganicha yo’q.