O‘zbekistonlik bloger Fotima Jo‘rayeva “Hududiy elektr tarmoqlari” davlat kompaniyasining Ulug‘nor tumani bo‘limi bosh hisobchisi tomonidan kaltaklangani haqdagi suhbat chog‘ida. (YouTube/Sirojiddin Media)

O‘zbekistonlik bloger Fotima Jo‘rayeva davlat elektr tarmog‘ida tergov olib borayotganida kaltaklangan

Nyu-York, 8-dekabr 2021-yil — Oʻzbekiston rasmiylari yaqinda bloger Fotima Joʻrayevaga uyushtirilgan hujumni tez va oshkoralik bilan o’rganishi va uning xavfsizligini taʼminlashi kerak, deya bugun bayonot berdi Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi (CPJ).

22-noyabr kuni O‘zbekistonning Andijon viloyatidagi “Hududiy elektr tarmoqlari” davlat korxonasining Ulug‘nor tumani bo‘limi bosh hisobchisi fermerlarning kommunal to‘lovlarini sun’iy ravishda oshirayotgani haqidagi iddaolarni tekshirmoqchi bo’lgan bloger Jo‘rayevani kaltaklagan. Bu haqda OAV yozdi, Jo’rayeva o’z Facebook sahifasida mana bu videoni joylashtirdi va CPJ bilan telefon orqali suhbatda hodiza haqida so’zlab berdi.

Jo‘rayeva CPJga buxgalter Saydullo Mamadaliyev uning yuziga urgani, yerga itarib, yiqitib, tepgani va telefonini sindirganini ta’kidladi.

Kecha Bosh prokuratura matbuot kotibi Daryo mustaqil mahalliy axborot saytiga militsiya Mamadaliyevga nisbatan voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atganini ma’lum qildi.

CPJ Mamadaliyevga Facebook orqali maktub yubordi, ammo javob olmadi. Elektr tarmoqlari korxonasining Andijon viloyat boshqarmasining avvalroq bergan bayonotiga ko‘ra, Mamadaliyev Jo’rayevaga nisbatan kuch ishlatganini inkor etgan.

“Oʻzbekiston rasmiylari bloger Fotima Joʻrayevaga qilingan hujum boʻyicha har tomonlama va ishonchli tergov o’tkazishi va aybdorning javobgarlikka tortilishini taʼminlashi kerak”, dedi Nyu-Yorkda CPJning Yevropa va Markaziy Osiyo dasturlari koordinatori Gulnoza Said. “Korrupsiya haqdagi da’volarni o’rganadigan oʻzbek jurnalistlari va blogerlari oʻta qiyin ahvolda, shuning uchun ularga nisbatan zoʻravonlik jazosiz qolmasligini rasmiylar aniq namoyish qilishlari kerak”.

2012-yildan beri bloger sifatida faol ishlab kelayotgan Jo‘rayeva mahalliy fuqarolarning korruptsiya va adolatsizlikning turli ko’rinishlari haqdagi shikoyatlarini tez-tez tekshirib turadi, dedi u CPJga. Bunday ma’lumotlarni bloger asosan o‘zining Facebookdagi sahifasi orqali 10.600 dan ortiq obunachisiga taqdim etadi. Jo‘rayeva Korrupsiyaga qarshi kurashish davlat agentligi Jamoatchilik kengashi deb nomlangan jamoatchilik maslahat organi a’zosi bo‘lib, agentlikning 2020-yilda korrupsiyaga qarshi ijtimoiy tarmoqlardagi kurashi uchun respublika bo‘ylab uchinchi o‘rin bilan taqdirlangan, deyiladi xabarlarda.

22-noyabr kuni tushdan keyin Jo‘rayeva ikki fermer ayol bilan Ulug‘nor tumani elektr ta’minoti idorasiga borgan. Ikki ayol fermer bizdan tizimli ravishda soxta qo‘shimcha to‘lovlar undirilmoqda, deb aytgan, deya hikoya qildi CPJga Jo’rayeva. Fermerlar elektr energiyasi uchun davlat subsidiyalari olganini inobatga olsak, bu davlat mablag’larining o’g’irlanayotganini anglatgadi, deya qo’shimcha qildi u. Jo‘rayeva oldinroq idoraga qo‘ng‘iroq qilgan va ofis menejeri fermerlar ishi bo‘yicha so‘ralgan hujjatlar o‘sha kuni tayyor bo‘lishini aytgan. Lekin bloger idoraga yetib borganida Mamadaliyev hujjatlarni taqdim etishdan va uning savollariga javob berishdan bosh tortgan va jahli chiqqan, deydi Jo‘rayeva.

Bloger uchrashuvni mobil telefoniga videoga olishni boshlaganida ofis menejeri aralashib, telefonni qo‘lidan olmoqchi bo‘lgan, dedi Jo‘rayeva. Shu damda bosh hisobchi uning chap ko‘zining tepasiga urgan. Shundan so‘ng Mamadaliyev Jo‘rayevaning sochidan ushlab, uni yerga itarib yiqitgan va bir necha marta beli va qorniga tepgan hamda telefonini tortib olgan, dedi bloger CPJga.

Shunda Jo‘rayeva xonadagi fermerlardan birining telefonidan foydalanib, militsiyaga qo‘ng‘iroq qilishga muvaffaq bo‘lgan, deya so’zlab berdi u. Ammo hisobchi, menejer va hujum chog‘ida xonada bo’lgan, lekin janjalga aralashmay turgan yana uch xodim Jo‘rayeva va fermer ayollarni binoning chiqish qismiga itara boshlagan. Shunda Jo’rayeva telefonini yana qo’liga olib, vaziyatni videoga tushira boshlagan, ammo Mamadaliyev yana bloger telefonini tortib olgan va uni polga tashlab qayta-qayta tepgan va sindirib tashlagan.

Andijon viloyati elektr tarmoqlari boshqarmasi bayonoti va xabarlarga ko‘ra, Mamadaliyev Jo‘rayevani urganini inkor etib, bloger uni haqoratlagani va janjal chiqarishga uringanini ta’kidlagan. Bloger Sirojiddin Odilov YouTube’ga joylashtirgan intervyuda buxgalter Jo‘rayeva videoga olayotganida yiqilib, telefonini sindirganini aytgan.

Voqea joyiga yetib kelgan militsiya xodimlari Jo‘rayevani kasalxonaga olib borgan, u yerda blogerning yorilgan qoshi tikilgan, u miya chayqalishi va ko‘karishlardan davolangan, bir hafta kasalxonada yotib chiqqan, dedi bloger CPJga. CPJ tomonidan ko’rib chiqilgan sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko’ra, Jo’rayeva o’zini o’zi jarohatlamagan, uning yiqilishdan bu tana jaohatlarini olishi “ehtimoli juda kam”.

Epilepsiya bilan og’rigan bloger voqeadan keyin bir necha bor tutqanoq tutganini CPJga aytdi. U militsiyaga qo’ng’iroq qilmaganimda, korruptsiyani fosh qilganim uchun meni elektr idorasida o’ldirishlari mumkin edi, dedi.

CPJ Ulug‘nor tuman elektr tarmoqlari bo‘limi mudiriga qo‘ng‘iroq qildi va elektron pochta orqali maktub yo‘lladi, “Hududiy elektr tarmoqlari” Andijon viloyati boshqarmasi matbuot xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, elektron pochta orqali maktub yo‘lladi hamda izoh uchun Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovga qo‘ng‘iroq qilib, unga ham maktub yo’lladi. Ammo hozirgacha hech qanday javob olgani yo’q.