Toshkentda militsiya xodimlari, 23-iyul 2020-yil. Yaqinda mamlakatda so'z erkinligini yanada cheklovchi qonunlar qabul qilindi. (Frans Press Agentligi/Yuriy Korsuntsev)

O’zbekistonda internet orqali davlatga “hurmatsizlik” bildirish, norozilik namoyishlarini uyushtirishni taqiqlovchi qonunlar qabul qilindi

Stokgolm, 28-aprel 2021-yil – O’zbekiston rahbariyati internetda so’z erkinligini cheklashga qaratilgan yangi qonunlarni bekor qilishi va jurnalistlarning jazolanishdan qo’rqmay, ahamiyatli masalalarni bemalol yoritishlarini ta’minlashi kerak, deya bayonot berdi bugun Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi (CPJ).

31-martda Jinoyat kodeksi, Ma’muriy kodeks va 2003-yilgi axborot haqdagi qonunga kiritilgan yangi o’zgartishlar parlament va prezident tomonidan ma’qullanganidan so’ng kuchga kirdi, deyiladi OAV xabarlarida va CPJ ko’rib chiqqan qonuniy o’zgartishlar matnida.

Qonuniy o’zgartishlarga binoan, internet orqali prezidentni haqorat qilish yoki unga tuhmat qilish va “ommaviy tartibsizliklarga” da’vat etish uchun qamoq jazosi ko’zda tutilgan; shuningdek, qonunlarni buzishga va jamoat tartibiga tahdid solishga yoki davlatga “hurmatsizlik” ko’rsatishga undaydigan bayonotlarni intetrnetda tarqatish bundan buyon jiddiy huquqbuzarlik hisoblanadi.

“Oktyabr oyida O’zbekistonda bo’lib o’tadigan prezident saylovlari yaqinlashar ekan, rasmiylar yangi qonuniy o’zgartirishlar orqali so’z erkinligi ustidan nazoratni kuchaytirishga intilayotgan ko’rinadi,” dedi Nyu-Yorkda CPJning Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi koordinatori Gulnoza Said. “Agar O’zbekiston rahbariyati liberal islohotlarni amalga oshirishga chin dildan harakat qilayotganiga dunyoni ishontirmoqchi bo’lsa, matbuot erkinligini cheklaydigan va tanqidiy maqolalar chiqargan jurnalistlarni jarimalaru-qamoq jazosi bilan qo’rqitadigan qonunlarni bekor qilishi kerak.”

Internet orqali prezidentni “haqorat qilish yoki unga tuhmat qilish” (Jinoyat kodeksining 158-modda 3-bandi) bilan bog’liq o’zgartishlarga muvofiq, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 3 yil davomida axloqni tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha erkinlikni cheklash, shu vaqt ichida esa sayohat qilish yoki ma’lum soha va lavozimlarda ishlashni taqiqlash kabi jazolar ko’zda tutilgan.

Jinoyat kodeksining avvalgi tahririda ushbu modda faqat ommaviy axborot vositalari orqali prezidentga tuhmat qilish holatlarini qamrab olar edi.

Mamlakat ma’muriy kodeksi 201.1-moddasining yangi tahririga ko’ra, internet yoki ommaviy axborot vositalari orqali “qonunlarni bajarmaslikka yoki buzishga da’vat etish va jamoat tartibiga tahdid solish” uchun 19,6 million so’m (1875 AQSh dollari) miqdorida jarima ko’zda tutilgan. Jinoyat kodeksining 244-moddasiga ko’ra esa, internet yoki ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarni ommaviy tartibsizliklarga va zo’ravonlikka da’vat etish 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.

2003-yilgi “Axborotlashtirish to’g’risida”gi qonunning 12.1-moddasiga ham qator o’zgartishlar kiritildi. Ilgari ma’lumotlarni internet orqali tarqatishga oid bo’lgan ushbu modda kengaytirilib, uning doirasiga ruxsatsiz yig’ilishlar, namoyishlar va ko’chada ommaviy yurishlarda qatnashishga internet orqali da’vat etish hamda internet yordamida jamiyat, davlat va davlat ramzlarini haqoratlash uchu jazoni ko’zda tutuvchi o’zgarishlar kiritildi.

O’zgartirilgan 12.1-moddaga ko’ra, shuningdek, veb-sayt egalari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o’z veb-sayt va akkauntlarida qoldirilgan sharhlarni kuzatib borishi va qoidalarni buzgan har qanday izohlarni o’chirib tashlashi lozim.

O’zgartirilgan qonunda Vazirlar Mahkamasining avvalgi qaroriga ishora mavjud; unga ko’ra, veb-sayt va akkaunt egalari qonunlarni buzuvchi kontentni o’chirib tashlash haqida yozma ogohlantirish olganidan keyin 24 soat ichida kontentni o’chirishlari lozim. Aks holda veb-sat yoki akkaunt bloklanadi, zarar ko’rgan tomonlar, masalan o’zini haqoratlangan deb hisoblagan odamlar esa veb-sayt yoki akkaunt egasiga nisbatan qonuniy choralar ko’rishi mumkin. Veb-sayt yoki akkauntni bloklash atrofidagi nizolar sud orqali hal qilinadi, deya xabar berdi OAV.

Qonunda 12.1-moddada nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun boshqa aniq jazo choralari ko’zda tutilmagan. Inson huquqlari bo’yicha o’zbekistonlik huquqshunos va yuridik ekspert Dilfuza Qurolovaning CPJga telefon ilovasi orqali aytishicha, bundan buyon sudlanuvchilarni jinoiy va ma’muriy kodekslarning bir nechta bandlari bo’yicha jinoiy javobgarlikka tortish mumkin; “jamiyat, davlat va davlat ramzlariga nisbatan hurmatsizlik» ko’rsatish amalda qanday jazolanishi esa hozirda aniq emas, deya qo’shimcha qildi mutaxassis.

2020-yil 25-dekabrda “yolg’on ma’lumot tarqatish” uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni ko’zda tutadigan qonuniy o’zgartirishlar qabul qilinganidan keyin 31-martdagi o’zgartirishlar ham kuchga kirdi; bu haqda CPJ o’z vaqtida xabar bergan edi.

CPJ izoh so’rab, elektron pochta orqali O’zbekiston prezidenti va Oliy Majlis – mamlakat parlamenti matbuot xizmatlariga murojaat qildi, ammo javob olganicha yo’q.