O'zbekistonlik jurnalist Sid Yanishevga korruptsiyaga oid xabarlari uchun "yolg'on ma'lumot" tarqatganlik ayblovi qo’yildi. (Surat: Sid Yanishev)

O’zbekistonlik jurnalist Sid Yanishev korruptsiya haqidagi xabarlari uchun sud qilinmoqda

Stokgolm, 22-aprel 2021-yil – O’zbekiston rahbariyati jurnalist Sid Yanishevga qo’yilgan barcha ayblovlarni bekor qilib, unga erkin ishlash imkonini berishi kerak, deya bayonot bilan chiqdi bugun Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi (CPJ).

Kecha kunning ikkinchi yarmida poytaxt Toshkentda huquq-tartibot organlari xodimlari “Fergana” mustaqil axborot agentligida frilanser sifatida ishlaydigan Yanishevni hibsga oldi, deya xabar berdi “Fergana” va kechroq CPJ bilan video suhbatda bo’lgan jurnalistning o’zi.

Yanishev CPJga darhol advokat talab qilganini aytdi, ammo militsiya bu talabni rad etgan va jurnalistni advokat yordamidan voz kechish haqdagi hujjatni imzolashga majburlashga uringan. Ammo Yanishev bunday hujjatni imzolashdan bosh tortgan.

Jurnalistni taxminan uch soat hibsxonada ushlab turgach, militsiya xodimlari uni Yakkasaroy tuman sudiga olib bordi, va u erda Yanishev Facebook tarmog’idagi postida mahalliy qurilish kompaniyasi haqida korruptsiya iddaolarini tarqatganligi uchun “yolg’on ma’lumot” tarqatishda rasman ayblandi.

U sud majlisidan so’ng ertaga yana sudga borish sharti bilan qo’yib yuborildi, deya CPJga so’zlab berdi Yanishev. Agar yolg’on ma’lumotni tarqatishda aybdor deb topilsa, jurnalist O’zbekiston Ma’muriy kodeksiga binoan 2330 dollargacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.

“O’zbekiston rahbariyati Sid Yanishevga qo’yilgan barcha ayblovlarni bekor qilib, uning jurnalist sifatida ishlash huquqi buzilmasligini ta’minlashi va faoliyatini hech qanday to’siqsiz davom ettirish imkonini berishi kerak”, dedi Nyu-Yorkda CPJning Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi koordinatori Gulnoza Said. “Agar O’zbekiston hukumati siyosiy islohotlarga bo’lgan sadoqati jiddiy qabul qilinishini istasa, tanqidiy jurnalistlarning o’z ishini bajargani uchun jazolanmasligini ta’minlashi kerak”.

15-fevral kuni Yanishev “Fergana” saytida Toshkentdagi qurilish loyihasidagi korruptsiya va noto’g’ri boshqaruv haqida maqola chop etgan edi.

18-aprelda u ushbu loyiha haqida Facebook ijtimoiy tarmog’idagi o’zi boshqaradigan SOS Tashkent guruhida post yozib qoldirdi; ushbu guruhga 1300 ga yaqin odam a’zo, unda mahalliy siyosiy yangiliklar va sharhlar qoldiriladi. Qurilish loyihasi haqidagi postida Yanishev qurilish uning yonidagi maktab uchun xavf tug’dirishini yozgan va maktab direktori qurilish ishlarini davom ettirish imkoni evaziga pora olganini ta’kidlagan.

Yanishevning CPJ bilan suhbatda bildirishicha, pora haqdagi iddaolarni unga bir necha odam intervyularda aytgan. Shunga qaramay jurnalist bu iddaolar uchun qonuniy javobgarlikka tortilishi mumkinligini tushunib, 19-aprel kuni ertalab Facebook-dagi postni olib tashlagan.

Ammo post olib tashlanmay turib maktab direktori uni telefonda rasmga olishga ulgurgan va so’ngra “Tako Sales” qurilish kompaniyasi rahbari bilan bog’lanib, ikkovlon rasmiy shikoyat  bilan militsiyaga murojaat qilgan.

Militsiya Yanishevni kecha qurilish loyihasiga qarshi namoyish haqida xabar tayyorlashga urinayotgan paytda hibsga olgan, dedi CPJga jurnalist.

Yanishevning CPJga aytishicha, ayblovlar uning Facebook-dagi posti bilan bevosita bog’liq bo’lsa-da, bu ishnining qo’zg’atilishini qurilish loyihasini muntazam yoritib kelayotgani uchun qasos deb biladi. Yanishev militsiyada uning ishi bilan bog’liq papkaning juda qalinligini ko’rgan va militsiya uning faoliyatini 18-apreldagi Facebook-dagi postidan oldin o’rgana boshlaganiga ishonishini aytdi.

Uning so’zlariga ko’ra, kechagi sud majlisida maktab direktori va qurilish kompaniyasi rahbari jurnalistni tuhmat va haqoratda aybladi, ammo rasmiy ravishda ushbu huquqbuzarliklarda ayblaganicha yo’q.

Jurnalist bunday ayblovlar unga nisbatan endi qo’yilishi mumkinligidan xavotirda. Yanishevning so’zlariga ko’ra, ushbu huquqbuzarliklar uchun uch yilgacha “ozodlikni cheklash” jazosi ko’zda tutilgan. Jazo sharoitlarini sud belgilasa-da, mamlakat Jinoiy kodeksiga binoan, aybdorning yashayotgan shahrining tark etishi va jurnalistika kabi ommaviy faoliyat olib borishi taqiqlanishi mumkin.

Yanishev so’zlariga ko’ra, militsiyada va sudda bo’lgan vaqt davomida u advokat yollay olmagan, so’ngra sudya uning ertangi sud majlisiga advokat bilan kelishi mumkinligini aytgan.

CPJ izoh so’rab, O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi va “Tako Sales” kompaniyasiga elektron pochta orqali maktublar yo’lladi, ammo javob olganicha yo’q. CPJ maktab direktori kontakt ma’lumotlarini topa olmadi.