2020-yil 23-iyul kuni Toshkentda huquq-tartibot organlari xodimlari. Yaqinda shahardagi futbol stadionida ikki jurnalist ta’qib qilindi, ulardan biri kaltaklandi. (AFP/Yuriy Korsuntsev)

“O‘zbekiston” futbol stadionida ikki jurnalist hibsga olindi, biri kaltaklandi

Stokgolm, 22-iyun 2022-yil – O‘zbekiston rahbariyati “Sevimli” telekanalining “Zamon” axborot dasturida ishlovchi ikki jurnalistining futbol o‘yinida ta’qib qilinishi va hibsga olinishini oshkoralik tamoyillariga asoslangan holda chuqur tekshirishi va matbuotga to‘sqinlik qilgan yoki hujum qilgan huquq-tartibot organlari xodimlarining javobgarlikka tortilishini ta’minlashi kerak. Bu haqda chorshanba kuni Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi (CPJ) bayonot berdi.

“Zamon” dasturi tomonidan tarqatilgan va o’chirib tashlangan, so’ngra esa o‘zbekistonlik jurnalist Jasurbek Abdurahmonov tomonidan Facebook’ga qayta joylangan xabarga va mustaqil ekani aytiladigan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi rahbari Olimjon O’sarovning Telegramdagi postiga ko‘ra, 11-iyun kuni militsiya va Milliy gvardiya xodimlari “Zamon” dasturining ikki jurnalistini poytaxt Toshkentdagi “Paxtakor” futbol stadioniga kirishga uringanida hibsga olgan va ulardan birini kaltaklagan. Boshqa axborot agentliklari ham oʻchirilgan “Zamon” xabariga tayanib, voqea haqida xabar berdi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi o‘z bayonotida jurnalistlardan biri operator T.Ibrohimov ekani va u stadion tashqarisida tartibbuzar futbol ishqibozlari orasida jabrlanganini ma’lum qildi, ammo militsiya uni jarohatlagani haqida aytmadi. CPJ ikkinchi jurnalist bilan bog’landi, ammo u izoh berishdan bosh tortdi, uning ismi-sharifi esa jamoatchilikka oshkor etilmadi.

“Zamon”ning xabar berishicha, zobitlar Ibrohimovni kaltaklashgan, ikkala jurnalistni qisqa muddat ushlab turishgan va Ibrohimov keyinchalik mahalliy shifoxonada davolangan. Sog‘liqni saqlash vazirligi vakilining aytishicha, Ibrohimovning jag‘i singan va unga plastik jarrohlik amaliyotini o‘tkazish tavsiya qilingan.

“O‘zbekiston rahbariyati “Sevimli” telekanalining “Zamon” ko‘rsatuvida ishlovchi ikki jurnalistning ta’qib qilinishini chuqur o‘rganib chiqishi va T.Ibrohimov deb ko‘rsatilgan operatorni kaltaklaganlarni – ular militsiya xodimi bo’ladimi oddiy fuqaromi – javobgarlikka tortilishini ta’minlashi kerak”, — dedi Nyu-Yorkda CPJning Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi koordinatori Gulnoza Said. “Rahbariyat militsiyaning qudratini suiiste’mol qilish hollarini yashirishga urinmasligini va ommaviy axborot vositalari ushbu ishni va boshqa barcha yangiliklarni erkin yoritishini ta’minlashi kerak.”

CPJ “Zamon” va “Sevimli” telekanaliga elektron pochta orqali maktub, so’ngra sms yubordi va qo’ng’iroq qildi, lekin hech qanday javob olmadi. “Zamon” voqea haqidagi dastlabki hisobotini veb-saytdan olib tashladi, biroq o‘shandan buyon ishni yoritishda davom etib, mahalliy ommaviy axborot vositalarining qo‘llab-quvvatlash va xavotir bildirishlari haqida xabar berdi.

Oʻchirilgan “Zamon” xabariga koʻra, avval zobitlar jurnalistlarni stadionga kiritmagan, shunda jurnalistlar tashqaridan video olishni boshlaganlar, ammo zobitlar ularning kamerasi va press-kartasini tortib olib, yerga tashlagan va har bir jurnalistning qoʻlini burishgan. Xodimlar ikkala jurnalistni hibsga olib, jihozlarini olib qo‘yishgan, olti-yetti nafar militsiya xodimi va bir nafar Milliy gvardiya xodimi Ibrohimovni tepib, urib, elektroshoker qo’llagan va u yerga yiqilgach, qorniga va boshiga tepgan va tayoq bilan oyog’iga urgan.

Shundan so‘ng militsiya ikkala jurnalistni Shayxontohur tumani militsiya bo‘limiga olib kelgan, “Tez yordam” mashinasi Ibrohimovni tibbiy yordam olish uchun olib ketgan, deya xabar beradi “Zamon”.

Muxbirning o’z rahbariyatiga aytishicha, ertasi kuni ertalab u militsiyadan o’zining singan kamerasi va shtativini qayta olishga muvaffaq bo’lgan, lekin mikrofon va press-kartalarini ololmagan.

Ichki ishlar vazirligi o‘z bayonotida Ibrohimov stadionga kuch bilan kirishga urinayotgan muxlislar orasida boshlangan “janjal paytida” jarohat olganini da’vo qilgan. Ushbu bayonotda aytilishicha, “jamoat tartibini buzgan fuqarolarni aniqlash uchun” voqealar yuzasidan tergov olib borilmoqda.

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi (prezident ma’muriyatiga bo‘ysunuvchi davlat organi), Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi hamda O‘zbekiston Milliy ommaviy axborot vositalari uyushmasi voqea yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi.

CPJning Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligiga izoh so’rab yuborgan elektron pochta xabarlari yetkazilmagan holda qaytib keldi. CPJ vazirlikka va uning matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosovga Facebook’dagi rasmiy sahifalar orqali maktub yoʻlladi, biroq javob olmadi.

CPJ, shuningdek, ism-shariflari oshkor etilmagan mahalliy fotograf va xorijlik operatorning futbol o‘yini vaqtida o‘zbekistonlik muxlislar tomonidan tashlangan toshlardan jarohat olgani va fotosuratchi tibbiy yordamga muhtojligi haqidagi xabarni ham tekshirmoqda.