Stokgolm, 14-iyun 2021-yil – O’zbekiston rasmiylari Effect.uz vebsaytining uch xodimiga yaqinda qilingan hujum yuzasidan xolis va puxta tergov o’tkazishi va aybdorlarni javobgarlikka tortishi kerak, deya bayonot berdi bugun Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi (CPJ).
7-iyun kuni tushdan keyin Andijon shahar hokimligi binosida bir guruh odamlar Effect.uz muxbirlari Rahmatullo Nasretdinov va Abror Eshonxonov hamda operator Suxrob Umarovni ular intervyu olib borayotgan paytda itargan, urgan va quvlagan, deyiladi Effect.uz xabarida; bu haqda CPJ bilan video va xabar almashish ilovalari orqali suhbatlashgan Nasretdinov va Eshonxonovlarning o’zi ham so’zlab berdi.
Jurnalistlar shahar hokimiyatiga rasmiy shikoyatlar bilan murojaat qilayotgan jamoatchilik vakillari izidan borgan va shikoyatchilarning Andijon shahar kengashi kotibiyati direktori Rahim Ziyoyev bilan gaplashayotganini videoga olgan, Ziyoyev ulardan videoga olishni to’xtatishni talab qilgan, deya hikoya qildi Nasretdinov va Eshonxonov.
Jurnalistlar bu talabni bajarmagach, Ziyoyev Umarovning kamerasini itarib yuboradi, keyin telefon orqali yordam chaqiradi; yetib kelgan odamlar Nasretdinovni ushlab, uni bino tashqarisiga chiqarib yuboradi, Eshonxonov xodisadni videotasvirga olayotgtanida uning telefonini olib, chetga uloqtiradi va uni ham binodan quvib chiqaradi, dedi jurnalistlar CPJga.
Natijada jurnalistlar badani tirnalgan va ko’kargan, Nasretdinov barmog’i mayib bo’lgan, Eshonxonovning telefoni singan. Eshonxonov janjal paytida boshning orqa qismiga zarba olgandan keyin Namangan shahar kasalxonasida ko’rikdan otgan; u ertasi kuni kasalxonadan chiqqan va hozirda psixologik yordam olmoqda.
“O’z ishini bajarayotgan OAV xodimlariga nisbatan jismoniy hujumlar – mutlaqo qabul qilib bo’lmaydigan amaliyot, ayniqsa hujumlarni davlat idoralari ramsiylari va ularning tarafdorlari boshlab bersa,” dedi Nyu-Yorkda CPJning Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi koordinatori Gulnoza Said. “O’zbekiston rasmiylari yaqinda Effect.uz sayti jurnalistlariga qilingan hujum bo’yicha xolis tekshiruv o’tkazishi va barcha aybdorlarning javobgarlikka tortilishini ta’minlashi kerak.”
Nasretdinov va Eshonxonovning CPJga aytishicha, hujum qilganlardan biri o’zini Ziyoyevning o’g’li Sherzod Ziyoyev deb tanishtirgan; u Eshonxonovning telefonini sindirgan kishi ekanligini aytishdi.
Hokimiyat binosidan quvib chiqarilgan Effect.uz xodimlari voqea joyidan qochgan, ammo Sherzod Ziyoyev va yana bir kishi ularni quvlagan, dedi jurnalistlar. Jurnalistlar yo’lda mashinani to’xtatib, yo’l militsiyasi xodimidan yordam so’ragan, shunda Sherzod Ziyoyev ham mashinadan chiqib, agar janjal natijasida otasi yurak xastaligi bilan kasallansa, jurnalistlarga sizlarni o’ldiraman deb tahdid qilgan, deya so’zlab berdi Nasretdinov va Eshonxonov.
Hujumdan keyin O’zbekiston Bosh prokuraturasi bayonot chiqarib, voqeani Andijon viloyat prokuraturasi ko’rib chiqayotganini bildirdi. Nasretdinov va Eshonxonov CPJga mahalliy hokimiyat hujumga oid har qanday tergovni bosti-bosti qilishi mumkinligidan xavotirda ekanini aytdi.
CPJ Rahim yoki Sherzod Ziyoyevlarning hamda Andijon shahar kengashi kotibiyati kontakt ma’lumotlarini topa olmadi.
Andijon tumani hokimiyatining matbuot kotibi Oisha Yoqubova tomonidan Facebook-da joylashtirilgan videolavhada Sherzod Ziyoyev otasining sog’lig’ini himoya qilish maqsadida harakat qilganini va jurnalistlarni qo’llaridan ushlab, tashqariga chiqarib yuborganini aytdi.
CPJ izoh so’rab, Andijon shahar hokimligi va O’zbekiston Ichki ishlar vazirligiga elektron pochta orqali maktub yo’lladi, ammo javob olganicha yo’q.