O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xorijiy muxbir Agneshka Pikulitskaning matbuot akkreditatsiyasini yangilashdan bosh tortdi. Pikulitska fikricha, bu uning jurnalistik faoliyati uchun qasosdir. (Surat: Agneshka Pikulitska)

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi polshalik jurnalist Agneshka Pikulitskaning akkreditatsiyasini yangilashdan bosh tortdi

Stokgolm, 2-iyun 2021-yil – O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi polshalik jurnalist Agneshka Pikulitskaning matbuot akkreditatsiyasini darhol yangilashi va barcha jurnalistlarning ta’qiblardan qo’rqmagan holda reportajlar tayyorlay olishlarini ta’minlashi kerak, deya bayonot bilan chiqdi bugun Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi (CPJ).

Bugun O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi (TIV) “Al-Jazira” telekanali va “Gardian” gazetasining poytaxt Toshkentda joylashgan frilans-muxbiri Agneshka Pikulitskaning matbuot akkreditatsiyasini yangilash to’g’risidagi arizasini rad etdi, deyiladi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibining Telegram-da joylashtirilgan bayonotida. Bu haqda CPJ bilan xabar almashish ilovasi orqali suhbatlashgan jurnalistning o’zi ham aytdi va o’zining Tvitter tarmog’idagi sahifasida TIV maktubini joylashtirdi.

Maktubda aytilishicha, Pikulitskaga yangi akkreditatsiya berilmasligining sababi uning “O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining sha’ni va qadr-qimmatini kamsitgani”, “O’zbekiston Respublikasining ichki ishlariga aralashgani”, “etnik va diniy kelishmovchiliklarni targ’ib qilgani” va “Bolalarni ularning sog’lig’iga zarar etkazadigan ma’lumotlardan himoya qilish to’g’risida”gi qonunni buzganida.

Pikulitska fikricha, aslida TIVning ushbu qarori uning LGBT mavzusini yoritgani uchun qasosdir. 1-aprel kuni O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi Pikulitskani O’zbekiston haqida “salbiy va ob’ektiv bo’lmagan ma’lumotlar” tarqatishda hamda LGBT huquqlari himoyachisi Miraziz Bozorov haqida yozgan tvitlari orqali ommaviy axborot vositalari haqdagi qonunlarning uchta moddasini buzganlikda ayblab, bayonot chiqargan edi. Bu haqda CPJ o’sha vaqtda xabar bergan.

“Jurnalistning reportajlarini yoqtirmay, unga akkreditatsiya bermaslik mutlaqo qabul qilib bo’lmaydigan qadam”, dedi CPJning Nyu-Yorkdagi Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi koordinatori Gulnoza Said. “O’zbekiston rahbariyati Agneshka Pikulitskaning matbuot akkreditatsiyasini darhol tiklashi va uning hamda boshqalarning xavfsiz sharoitda nozik masalalarga oid reportajlar tayyorlay olishlarini ta’minlashi kerak.”

Jurnalistning CPJga bildirishicha, u akkreditatsiyasiz ham O’zbekistonda yashashda davom etishi mumkin, ammo jurnalistik faoliyatini davom ettirishi mumkin yoki mumkin emasligi aniq emas.

CPJ izoh so’rab, O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga elektron pochta orqali maktub yo’lladi, ammo javob olganicha yo’q.

Bugun o’z tvitida Pikulitska Tashqi ishlar vazirligi qarorini uning “ovozini o’chirishga urinish” deb baholadi va bu holatni O’zbekistonda “hech narsa o’zgarmaganidan dalolat” deb ta’rifladi.

Shu yil fevral oyida O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Pikulitskaga akkreditatsiya bermaslik haqdagi qaroridan qaytgan va undan uzr so’ragan edi, chunki jurnalist akkreditatsiya evaziga unga mamlakat to’g’risida “ijobiy” maqolalar yoz, deya bosim o’tkazilgani haqida Tvitterda yozgan va TIV xodimi tomonidan jinsiy ta’qibga uchraganini aytgan edi. Bu haqda AQSh Kongressi tomonidan moliyalashtiriladigan “Ozod Yevropa/ Ozodlik Radiosi” xabar tarqatgan edi.