Stokgolm, 16-mart 2023-yil – O‘zbekiston hukumati matbuot sohasi xodimlari o’z kasbiy faoliyati uchun jinoiy javobgarlikka tortilmasligini ta’minlashi va sud jarayonida jurnalistlar va ularning oila a’zolarini qo‘rqitishga urinishlardan tiyilishi kerak, dedi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) payshanba kuni.
17-mart, juma kuni mamlakat janubidagi Buxoro shahar sudi “Yel xizmetinde” va “Akmangit tangi” gazetalari bosh muharriri Abdimalik Xo‘janazarov hamda “Yel xizmetinde” gazetasining sobiq bosh muharriri va O‘zA davlat axborot agentligi muxbiri Yesimqan Qanaatov ustidan o‘tkazilgan sud ishi bo‘yicha hukmni e’lon qilishi kerak. Bu haqida ommaviy axborot vositalari xabar berdi va Oliy Sud bayonot chiqardi.
Jurnalistlar norozilik namoyishlarini uyushtirganlikda va separatizmni targʻib qiluvchi maqolalar chop etganlikda ayblanmoqda, prokurorlar ularning har biri uchun 7 yillik qamoq jazosini soʻragan, deyiladi oʻsha xabarlarda.
Xo‘janazarov va Qanaatov 2022-yil iyulida O‘zbekiston konstitutsiyasiga Qoraqalpog‘iston avtonom Respublikasi suverenitetiga daxldor o‘zgartirishlarga qarshi namoyishlarda ishtirok etganlikda ayblangan o‘nlab odamlar qatorida.
Rasmiylar namoyishlarda ishtirok etganlikda ayblanayotganlarning sudlarida jurnalistlarning qatnashishiga ruxsat bergan bo’lsa-da, vaziyatdan xabardor uch huquq himoyachisining CPJga aytishicha, sudlanuvchilarning ishi haqidagi maʼlumotlar nihoyatda cheklangan va rasmiylar sudlanuvchilarni qo’rqitib, agar ularning qarindoshlari ommaviy axborot vositalari bilan hujjatlarni o’rtoqlashsa yoki muxbirlar bilan gaplashsa, uzoqroq qamoq muddatlariga mahkum etilishi bilan tahdid qilgan.
“Oʻzbekiston rasmiylari Qoraqalpogʻistonda oʻtgan yozda kuzatilgan norozilik namoyishlari boʻyicha sud jarayonlarini oshkoralik va adolat namunasi sifatida koʻrsatishga urinsa-da, haqiqat shuki, hukumat qasosidan qoʻrquv maʼlumotni keskin cheklab qoʻydi”, – dedi Nyu-Yorkda CPJ dasturi koordinatori Karlos Martines de la Serna. “Rahbarlar bu ishlarda ishtirok etgan har bir jurnalistga qoʻyilgan aniq ayblovlarni oshkor etishi lozim, ularning kasbiy faoliyatiga oid har qanday ayblovni olib tashlashi, ular va ularning oila aʼzolarini qoʻrqitmay, sukut saqlashga majburlamasligi kerak”.
Qanaatov madaniy va atrof-muhitga oid mavzularda, Xo‘janazarov mahalliy ijtimoiy muammolar haqida yozgan, dedi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan CPJga ayblanuvchilarning faoliyati bilan tanish to‘rt qoraqalpoq.
OAV xabarlariga ko’ra, prokurorlar Xo‘janazarovni “separatizm g‘oyalari aks etgan maqolalarni chop etishda”, konstitutsiyaga taklif etilayotgan o‘zgartirishlar bo‘yicha “fuqarolar takliflarini yig‘ishda” va norozilik namoyishlarini uyushtirishda ayblamoqda. Qanaatov “separatizm g’oyalariga asoslangan maqolalar tayyorlash va chop etish” va norozilik namoyishlarini uyushtirishda ayblanmoqda.
Avvalroq, 31-yanvar kuni sud besh qoraqalpog‘istonlik jurnalist va blogerlarni namoyishlarda ishtirok etganlikda ayblab hukm chiqargan edi.
“Yel xizmetinde” asoschisi Dauletmurat Tajimuratov bir qancha ayblovlar, jumladan, namoyishlarni uyushtirganlik va hokimiyatni egallash uchun fitnada ayblanib, 16 yillik qamoq jazosi oldi. Telegramda namoyishlarni yaqindan yoritgan “Makan.uz” mustaqil nashri asoschisi Lolagul Qallixanovaga nisbatan esa 8 yilga ozodlikni cheklash haqida hukm chiqarildi: u hukumatni egallab olish maqsadida fitna uyushtirish, namoyishlarni tashkil etish va ijtimoiy xavfli materiallarni tarqatishda ayblangan, deyildadi OAVda.
Tajimuratov bilan YouTube va Telegramda hamkorlik qilgan blogerlar Baxtiyar Qadirbergenov va Seydabulla Medetov 7 yilga, “Yel xizmetinde” muxbiri Azamat Nuratdinov esa 5 yilga shartli ravishda “cheklangan ozodlik”ga hukm qilindi.
Xabarlar va video tasvirlarga ko’ra, Tajimuratov ochiqchasiga konstitutsiyaga o’zgartirishlarga qarshi chiqqan va tinch namoyishlarni o’tkazishga chaqirgan va ularga rahbarlik qilgan; Qallixanova qoraqalpoqlarni O‘zbekistondan ajralib chiqishga chaqiruvchi videomurojaat e’lon qilgan.
Ammo qoʻrqqanidan ismini oshkor etmaslikni so’rab, CPJ bilan suhbatlashgan besh nafar qoraqalpoq jurnalisti va qoraqalpoq diasporasi aʼzolari fikricha, Tajimuratov, Qallixanova va Qodirbergenovlar Qoraqalpogʻistondagi oz sonli tanqidiy jurnalistlarning eng koʻzga koʻringanlari boʻlgan va ularning jazosi jurnalistik faoliyati uchun qasos.
Bu odamlarning aytishicha, Tajimuratovning “Yel xizmetinde”dagi ijtimoiy masalalar va mahalliy hokimiyat organlari haqidagi tanqidiy maqolalari Qoraqalpog‘istonning qattiq nazorat ostidagi ommaviy axborot vositalari uchun yangilik bo’lgan, va hukumat bu gazetaga aloqador odamlarning ovozini o‘chirish uchun sud jarayonini uyushtirgan.
Tajimuratovning singlisining aytishicha, Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari uning oila aʼzolari muxbirlar bilan gaplashsa, qamoqqa olinishi bilan bir necha bor tahdid qilgan. CPJ hibsga olingan jurnalistlarning advokatlari, oila a’zolari va hamkasblari bilan bog’landi, ammo ular javob bermadi yoki kuzatuv va qasosdan qo’rqib gapirishdan bosh tortdi.
CPJ izoh so‘rab, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligiga elektron pochta orqali murojaat qildi, ammo hech qanday javob olmadi. Oʻzbekiston Oliy sudi CPJga elektron pochta orqali aniq ishlar boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot bera olmasligini, biroq sud jarayonlari ochiq oʻtayotganini taʼkidlab, javob yo’lladi.