O'zbekistonning Nukus shahridagi masjid (2018-yil 24-sentyabr). Yaqinda O'zbekiston rasmiylari diniy materiallarni ruxsatsiz nashr etgani uchun ikki vebsayt xodimlarini jarimaga tortdi. (Frans Press/ Sebastyen Berje)

O’zbekistonda Kun.uz va Azon.uz yangiliklar saytlari tasdiqlanmagan “diniy materiallar”ni chop etgani uchun jarimaga tortildi

Stokgolm, 24-iyun 2021-yil – O’zbekiston rasmiylari Kun.uz va Azon.uz mustaqil yangiliklar veb-saytlari xodimlariga nisbatan belgilangan jarimalarni bekor qilib, barcha OAVga erkin xabar va sharh berish imkoniyatini yaratishlari kerak, deya bayonot berdi bugun Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi (CPJ).

21-iyun kuni poytaxt Toshkentning Chilonzor tuman sudi diniy mavzudagi maqolalarni avvaldan tasdiqlash uchun Din ishlari bo’yicha davlat qo’mitasiga murojaat qilmay chop etganligini ta’kidlab, ikkala veb-saytga aloqador bir necha kishini jarimaga tortdi, bu haqda OAVlar xabar tarqatdi, Kun.uz tahririyati bayonot berdi va rasmiylar undan o’ch olishidan qo’rqqan Kun.uz xodimi ismini oshkor etmaslik sharti bilan CPJga so’zlab berdi. 

Ushbu manbalarga ko’ra, sud Kun.uz tahririyat rahbari Mahsudjon Asqarov va Azon.uz-ning bosh kompaniyasi Azon New Media rahbari G’ayratxo’ja Saidaliyevga 12,25 million so’m (1158 AQSh dollari) miqdorida jarima belgilagan. 

Shu bilan birga, Azon.uz muharriri Abdulaziz Raimov, muassis Mubashshir Ahmad va uning filiali Azon TV telekanali rahbari Farhod Tohirovni 4,9 million so’m (464 AQSh dollari) miqdorida jarimaga tortgan.

Sud ushbu besh odamni O’zbekiston ma’muriy kodeksining 184.2-moddasi (“Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, mamlakatga olib kirish yoki tarqatish”) bo’yicha aybdor deb topdi; xabarlarda aytilishicha, ushbu modda buzilganida belgilanadigan eng katta jarima 24,5 million so’m (2318 dollar) miqdorida. 2014- yilgi hukumat qaroriga ko’ra, diniy mavzudagi materiallar chop etilishi yoki efirga uzatlishidan oldin tasdiqlanishi kerak. 

O’zbekistonda prezident saylovlari 24-oktyabr kuni bo’lib o’tishi aytiladi xabarlarda.

“Prezident saylovlari yaqinlashgan sari O’zbekiston hukumati so’z erkinligini ochiqdan-ochiq cheklashga intilayotganga o’xshaydi”, – dedi Nyu-Yorkda CPJning Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi koordinatori Gulnoza Said. “Rahbariyat Kun.uz va Azon.uzga nisbatan belgilangan jarimalarni bekor qilib, mustaqil OAV ishiga aralashishga qaratilgan tinimsiz harakatlarini, shu jumladan oldindan tsenzurani bas qilishi kerak”.

Xabarlarga ko’ra, Azon.uz sud qaroriga qarshi apellyatsiya shikoyatini bermoqchi; Kun.uz xodimining CPJga aytishicha, ularda bunday reja yo’q. 

Kun.uz – O’zbekistondagi eng mashhur yangilik saytlaridan biri; Azon.uz – diniy masalalarga bag’ishlangan veb-sayt hamda unga aloqador televidenie va radiostantsiyalar, uning YouTube kanalida 400 mingga yaqin obunachi bor.

Raimovning Gazeta.uz veb-saytiga aytishicha, Azon.uz o’z materiallarini Din ishlari bo’yicha qo’mita bilan og’zaki kelishuv asosida chop etgan. Kun.uz xodimining CPJga aytishicha, ular o’z maqolalarini – asosan Ramazon mavzusidagi diniy ulamolar bilan suhbatlarni – qo’mita tasdig’idan o’tishi kerak, deb o’ylamagan. Tasdiqdan o’tmagan holda OAV odatda ogohlantiriladi. 

Ikkala saytga nisbatan ayblovlar Ichki ishlar vazirligining Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash boshqarmasi tomonidan qo’zg’atilgan bo’lib, Kun.uz saytida kamida yettita maqola va Azon.uz va Azon TV telekanallarining 100 ga yaqin maqola va ko’rsatuvlarini shubhali deb hisoblagan va ularni tahlil qilish uchun Din ishlari bo’yicha qo’mitaga uzatgan. Bu haqda OAV xabarlarida aytildi va CPJ bilan xabar almashish telefon ilovasi orqali suhbatlashgan Mubashshir Ahmad ham aytib berdi.

Qo’mita materiallarda noqonuniy ma’no topmagan, ammo Kun.uz maqolalaridan biri (Yangi Zelandiyada politsiyaning hijobni o’z ichiga olgan formalarni tasdiq etishi haqida) chop etilmasligi kerak, degan xulosaga kelgan va ayni qarorni Azon.uz-ning 12 ta maqolasiga nisbatan chiqargan. Ushbu xabarlarga ko’ra, Azon.uz jumladan Rossiya-Turkiya munosabatlarini yoritgan.

Mamlakat jinoyat kodeksiga binoan, 184.2-modda takroran buzilsa jinoyatchi uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.

Fevral oyida Raimov Facebook-da Din ishlari bo’yicha qo’mita rahbari o’rinbosari Dilshod Eshnaevning veb-saytdan materiallarni olib tashlash haqdagi talablari tufayli iste’foga chiqaman deb ogohlantirgan edi.

Aprel oyida Kun.uz boshqa davlat organlarining materiallarni o’zgartirish yoki olib tashlash yoki manbalarini oshkor qilish to’g’risida “deyarli har hafta” talablariga duch kelayotgani va tahririyat ularga bo’ysunmagan taqdirda tahdidlar olgani haqida maqola e’lon qilgan edi.

Raimov ham, Kun.uz muharriri ham jarimalarni nashrga bosim o’tkazishga qaratilgan harakat deb hisoblashini va bu nashrlarning ilgari rasmiylarning o’zlarining ishlariga aralashishga urinishlarini yoritgani uchun qasos bo’lishi mumkinligini aytdi.

CPJ izoh so’rab, elektron pochta orqali O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi va Din ishlari bo’yicha qo’mitaga maktub yo’lladi, ammo javob olganicha yo’q. O’zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining Gazeta.uz-ga aytishicha, rasmiylarning “barcha harakatlari qonun doirasida amalga oshirilgan” va veb-saytlar ushbu qaror ustidan sudga shikoyat qilishlari mumkin.

Ayni manbalarga ko’ra, 22-iyun kuni sud qaroriga norozilik sifatida Azon.uz o’z veb-saytini va Kun.uz o’zbek tilidagi sahifasini bir kunga to’xtatib qo’ydi.